AQShda umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan 80 yoshli qotil Charlz Menson 2014-yil 8-noyabr kuni 26 yoshli Efton Elayn Barton bilan turmush qurishga maxsus ruxsatnoma berdi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Avvalroq jinoyatchi bir necha marta Bartonga hech qachon uylanmasligini, qizning ular turmush qurishlari haqidagi gaplari esa yolg‘onligini aytgan edi. Shunga qaramay, hujjatga har ikkala tomon imzo qo‘ygan. Endi ular ixtiyorida nikoh ittifoqini tuzish uchun 90 kun vaqt bor. Menson hibsga olinguncha ikki marta uylangan bo‘lib, to‘rt nafar farzandi bor edi.
Agar Menson va Bartonning to‘yi bo‘lsa, Kaliforniya qonunlariga ko‘ra marosimda jinoyatchining qamoqdagi ikki nafar do‘sti qatnashishi mumkin. Umuman esa to‘yda jami 12 kishi va bir ofitsiant ishtirok etishiga ruxsat berilgan.
XX asrning eng mashhur jinoyatchilaridan bo‘lgan Charlz Menson 1969-yilda uch nafar sherigi bilan yetti kishining umriga zomin bo‘lgan. Jumladan, aktrisa Sheron Teyt, rejissyor Roman Polanskining qornida to‘qqiz oylik homilasi bo‘lgan xotini o‘ldirilgan.
Menson qotilliklarning bevosita ijrochisi bo‘lmasada, ularni tashkillashtirganlikda ayblanib, o‘lim jazosiga mahkum qilingan. Biroq 1972-yilda Kaliforniya shtatida oliy jazoga moratoriy qo‘yilgach, uning hukmi muddatidan oldin ozod qilish imkoniyati bilan umrbod qamoq jazosiga almashtirilgan. 2012-yilda Mensonga 12-marta muddatidan ozod qilish rad etilgan edi. Bu masaladagi keyingi so‘rovni 2027-yilda topshirishi mumkin.
Izoh (0)