Italiyaning Breshia shahrida “Chellenjer” turkumiga kiruvchi mukofot jamg‘armasi 42 ming 500 yevrodan iborat bo‘lgan turnir yakuniga yetdi. Hal qiluvchi final bahsida O‘zbekistonning ikkinchi raqamli tennischisi Farrux Do‘stov bosh mukofot uchun kortga chiqdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
28 yoshli Farruxning raqibi ukrainalik Ilya Marchenko bo‘ldi. 27 yoshli Marchenko ayni paytda ATP reytingida 159-pog‘onadan joy olgan bo‘lsa, Do‘stov 128-o‘rinni egallab turibdi. Final uchrashuvi ikki soat-u bir daqiqa davom etdi.
Bu safar ham Do‘stov turnir vitse-chempionligi bilan cheklandi. Marchenko 6:4, 5:7, 6:2 hisobida g‘alaba qozonib, bosh mukofot sohibiga aylandi. Ukrainalik tennischi final bahsi davomida 12 ta, Do‘stov esa yettita “eys” zarbani amalga oshirdi.
Shu tariqa, Marchenko o‘z faoliyatidagi “Chellenjer” toifasiga kiruvchi musobaqalardagi uchinchi titulini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Breshiadagi g‘alaba unga 6150 yevro hamda 90 reyting ochkosini taqdim etdi. Farrux Do‘stov esa bir hafta avval Bratislavadagi “Chellenjer”da bo‘lgani kabi bu safar ham ikkinchi bo‘ldi.
Izoh (0)