“Lokomotiv” bosh murabbiyi Vadim Abramov O‘zbekiston Kubogi finalida “Bunyodkor” ustidan qozonilgan 1:0 hisobidagi g‘alabadan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi, deb xabar bermoqda Uff.uz.
Vadim Abramov uchrashuv davomida o‘yinchi almashtirishga shoshilmaganligini izohlar ekan, futbolchilar charchab qolganini sezmaganini qayd etdi: “O‘yinchi almashtirish cho‘zilganiga sabab shundaki, o‘yin 120 daqiqa davom etishi mumkinligini sezgandik. Shu sababli zaxira almashtirishni ushlab turdik. Boz ustiga jarohatlar ham bo‘lishi mumkin edi”.
Suhbat davomida “Lokomotiv” bosh murabbiyi “Siz hozir juda zerikib qolgandek ko‘rinmoqdasiz. Agarda biz mag‘lubiyatga uchraganimizda savollar yog‘ilib ketishi tayin edi”, — deb qayd etdi.
Abramov savollarga javob berar ekan, “Hozir shunday taassurot paydo bo‘lmoqdaki, ‘Lokomotiv’ boshqa yetakchi klublarga qaraganda matbuot e’tiboridan chetda qolib ketayotgandek. Biz faqat shu tomonlama boshqalarga imkoniyatni boy bermoqdamiz”, — deb ta’kidladi.
Shuningdek, murabbiy kelasi mavsumda yangi o‘yinchilar bo‘lishi, xususan, hujumchilarga ehtiyoj bor ekanligini aytib, ijodkor futbolchilarga e’tibor qaratilishini alohida qayd etdi. “Biz OChLda munosib ishtirok etishni va yurtimiz sharafini himoya qilishni istaymiz”, — dedi Abramov.
Izoh (0)