KXDR AQShning Shimoliy Koreya hududida hibsga olingan ikki fuqarosi — Kennet Bey hamda Metyu Todd Millerni ozod qildi. Bu haqda AQSh Davlat departamenti bergan ma’lumotga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Kelib chiqishi Koreyadan bo‘lgan amerikalik Bey Chjun Xo (amerikacha ismi Kennet Bey) KXDR tomonidan “davlat tuzumini buzishga uringani uchun” 15 yilga axloq tuzatish ishlariga mahkum etilgandi. Millerga nisbatan esa “muhojirlik jarayonidan o‘tayotganida qo‘pollik qilgani uchun” axloq tuzatish va mehnat lagerida olti yil mobaynida ishlashi haqida hukm chiqarilgandi.
Ma’lum qilinishicha, Bey ikki yil, Miller esa yetti oy mobaynida KXDR qamoqxonasida saqlangach, AQSh ularning ozod etilishiga erishdi. “Biz xalqaro hamkorlarimizga, ayniqsa, bizning manfaatlarimizni himoya qilayotgan Shvetsiya hukumatiga Bey va Miller janoblarining ozod qilinishiga erishish borasida tinmay harakat qilgani uchun minnatdorlik bildiramiz”, — deyiladi AQSh Davlat departamenti bayonotida.
Davlat departamenti, shuningdek, AQSh Milliy razvedka xizmati rahbari Jeyms Klepperga amerikalik fuqarolarning ozodlikka chiqishida ko‘mak bergani uchun minnatdorchilik bildirdi. Biroq Jeyms Klepper tomonidan aynan qanday yordam ko‘rsatilgani haqida ma’lumot berilmadi.
Ma’lumot o‘rnida, AQSh va KXDR o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilmagani bois amerikaliklar manfaatlari Pxenyanda Shvetsiya hukumati tomonidan himoya qilinadi.
Izoh (0)