O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda xorijiy davlatlarda saylov uchastkalarini tashkil etish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovni yoritish uchun jurnalistlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlisni Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov boshqardi.
Saylov to‘g‘risidagi qonunchilikka binoan saylov uchastkalari asosiy mezon – saylovchilarga barcha qulayliklar yaratish inobatga olingan holda tashkil etilayotgani ta’kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga muvofiq mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida ham saylov uchastkalari tashkil qilinmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi Tashqi ishlar vazirligining O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tashkil etish haqidagi taqdimnomasini ko‘rib chiqib, parlament saylovi bo‘yicha 44 ta saylov uchastkasini tuzish va ularni Toshkent shahridagi 126-Temiryo‘lchilar saylov okrugiga biriktirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Shuningdek, saylovchilar uchun zarur sharoitlar yaratishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Majlisda parlament, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni xolisona va har tomonlama yoritishni ta’minlashning muhim sharti sifatida mahalliy hamda xorijiy jurnalistlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Markaziy saylov komissiyasiga tegishli tartibda murojaat qilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasining vakolati doirasidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Izoh (0)