Jahon banki hamda Xalqaro moliya korporatsiyasi “Biznesni yuritish – 2015” ko‘rsatkichi bo‘yicha dunyo mamlakatlarining yangi reytingini e’lon qildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston qulay ishbilarmonlik muhiti ko‘rsatkichlari bo‘yicha so‘nggi bir yilda 8 pog‘ona ko‘tarildi. “Kredit olish” indikatori bo‘yicha reyting ko‘rsatkichlari bundan-da yuqori o‘sishi ta’minlandi – o‘tgan yildagiga nisbatan 26 pog‘ona ilgariladi. “Biznesni boshlash” ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 65-o‘rinni egallagan.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan ma’lum qilishlaricha, iqtisodiyotning barqaror o‘sishi, yaratilgan qulay makroiqtisodiy sharoitlar bank tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, depozitlar hajmi oshishi va bank kreditlariga bo‘lgan talabning ko‘payishiga xizmat qilmoqda. Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida banklar tomonidan kichik biznes subyektlariga ajratilgan kreditlar hajmi 7,3 trillion so‘mga yetdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko‘p demakdir.
Bir so‘z bilan aytganda, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining bu xulosasi O‘zbekistonda yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti va biznes yuritishning tobora takomillashib borayotganini tasdiqlovchi yana bir e’tirofdir, deyiladi xabarda.
Izoh (0)