“LFC…” qo‘shma korxonasiga qarashli, poytaxtimizning Chilonzor tumani, Yuqori Darxon ko‘chasida joylashgan “PET” kapsula ishlab chiqarish tarmog‘ida qonun buzlish holatlari aniqlandi, deb xabar berdi “Birja” gazetasi.
Soliq departamenti xodimlari o‘tkazgan navbatdagi tekshirish jarayonida ushbu shoxobchaning ombor mudiri Karim Halimov (ism-sharifi o‘zgartirilgan) mahsulotlar sotuvidan tushgan, lekin tegishli tartibda nazorat-kassa mashinasidan o‘tkazilmagan 6 million 936 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ni o‘z xizmat xonasida saqlab kelayotgani fosh etildi.
Bundan tashqari, shoxobchada yashirincha to‘ldirilgan ikkilamchi buxgalteriya daftari topildi. Uni sinchiklab o‘rganish natijasida jami 56 million 801 ming 355 so‘m hamda o‘zbek pulida yozilib, AQSh valyutasiga aylantirilgan 26 ming 345 dollar miqdoridagi mablag‘ bank muassasasiga inkassatsiya qilinmay, zimdan o‘zlashtirib yuborilgani, biron-bir hujjatsiz ishga qabul qilingan besh nafar xodimga 39 million 400 ming so‘m pul “konvert” usulidagi maosh sifatida tarqatilgani birin-sirin yuzaga qalqib chiqdi. Oxir-oqibat jig‘ildoni o‘pqonga aylangan jinoyatchilar tegishli tartibda jazoga tortildilar.
Izoh (0)