29-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
Majlis Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini ro‘yobga chiqarish doirasida tayyorlangan yangi tahrirdagi “Investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama etishdan boshlandi.
Ushbu hujjat xo‘jalik yurituvchi subyektlar va fuqarolarning investitsiya jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishga, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashga, investitsiyalar kiritish uchun qo‘shimcha rag‘batlar va sharoitlar yaratishga, shuningdek, investitsiyalarni rag‘batlantirish, investorlarning huquq va mulklarini himoya qilish usullarini kengaytirishga qaratilgan. Umuman olganda, ushbu qonun loyihasi xususiy investitsiyalarni rag‘batlantirish borasida muhim hujjat bo‘ladi va investitsiyalar sohasidagi davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda yordam beradi.
Qonunning amaldagi tahririga investitsiya loyihasini ro‘yobga chiqarishda investitsiyalarni amalga oshirishni, investitsiya faoliyatini rag‘batlantirishni tartibga soluvchi yangi moddalar kiritildi. Bundan tashqari, investitsiya faoliyatining obyektlari va subyektlari, investorlarning huquqlari, investitsiya faoliyati subyektlarining o‘zaro munosabatlari, markazlashtirilgan va markazlashtirilmagan investitsiyalar, investitsiya jamg‘armalari, investitsiya faoliyati subyektlari huquqlarining kafolatlari kabi huquqiy tushunchalarni belgilab beruvchi moddalar, boshqa normalar sezilarli ravishda kengaytirildi.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash chog‘ida ishchi guruh o‘ndan ortiq tadbir o‘tkazdi. Tadbirlarda barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari va O‘zbekiston Ekologik harakatdan saylangan deputatlar guruhining vakillari faol ishtirok etdilar. Ular tomonidan deputatlar, ekspertlar, olimlardan tushgan barcha takliflar ko‘rib chiqildi. Har tomonlama va moddama-modda muhokama yakunlariga ko‘ra, Qonunchilik palatasi ushbu qonunni qabul qildi. Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboriladi.
Izoh (0)