Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidagi Suzoq tumanida ko‘pkari o‘yini tufayli yosh yigitni o‘ldirdilar. Bu haqda Suzoq tumani ichki ishlar bo‘limi rahbari Nurbek Jonibekov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Vecherniy Bishkek”.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 26-oktabr kuni Almaluu qishlog‘ida istiqomat qiluvchi fuqaro o‘lgan otasi xotirasiga bag‘ishlab ko‘pkari musobaqasini uyushtirgan. O‘yin tugagach, hamma o‘z uyiga tarqagan. Yo‘lda ketayotib, Aytiyev va Qorabekovlar orasida nizo kelib chiqqan. Aytiyevlar oilasi a’zosi bo‘lgan bola Qorabekov oilasidagilar ko‘pkari vaqtida uning ulog‘ini olib qo‘yishga harakat qilganini aytib, urush boshlagan.
“Avvaliga Aytiyevlar — Bakay, Manas, Oybek va ularning do‘sti Qorabekovlar bilan urishgan. Kuchlar teng kelmaganligi sababli Qorabekovlardan biri katta akasi — Qiyol Qorabekovni chaqirib kelgan. Ammo uning boshiga armatura bilan urilgandan so‘ng, hushidan ketib qolgan. Aytiyevlar uni kasalxonaga olib borgan, lekin og‘ir jarohat olgan yigitning joni yo‘lda uzilib bo‘lgan edi. Hozir aka-ukalar o‘zini kasalga solib, javobgarlikdan qochmoqda”, — deb ta’kidladi Jonibekov.
Bundan tashqari, ayni damda aka-ukalarga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atilgani, ikki oylik nazorat ostiga olingani qayd etildi. Hozir ular kasalxonada ekanliklarini inobatga olinib, soqchi qo‘yilgan maxsus palataga joylashtirilgan.
Izoh (0)