O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi raisi Islom Karimov 29-oktabr kuni Urganch shahrida bo‘lib o‘tgan “Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilariga murojaat qildi. Prezident murojaati O‘zbekiston Milliy axborot agentligida e’lon qilindi.
“‘Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish’ xalqaro konferensiyasida ishtirok etayotgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga a’zo davlatlar delegatsiyalarini, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari, donor mamlakatlar hukumatlari, ekologiya tashkilotlari, diplomatik korpus vakillarini, taniqli olim va ekspertlarni qutlash menga katta mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Mazkur forum Markaziy Osiyo mintaqasi uchun eng murakkab muammolardan biri — Orol dengizining ekologik halokati va ushbu ofat oqibatida yuzaga kelgan aholi genofondi va salomatligi, turmush sharoiti va darajasi, Orolbo‘yining o‘simlik va hayvonot olami bilan bog‘liq o‘tkir muammolarni ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan”, — deyiladi Prezident murojaatida.
Islom Karimov qayd etganidek, yaqin-yaqin vaqtlargacha Orolbo‘yi suv havzalarida yiliga 35 ming tonnagacha baliq ovlanar, Amudaryo va Sirdaryo deltalaridagi unumdor yerlar, yuqori samarali yaylov va suv havzalari millionlab odamlarning chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va qishloq xo‘jaligi sohalarida ish bilan bandligini ta’minlar edi.
“Biroq mintaqadagi yirik daryolarda o‘ylamasdan ulkan gidrotexnik inshootlar qurilgani, transchegaraviy daryolar hisoblangan Amudaryo va Sirdaryoning tabiiy oqimi noto‘g‘ri boshqarilishi eng yangi tarixda Yer yuzidagi g‘oyat og‘ir ekologik halokatlardan birini yuzaga keltirdi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmanistonning Orol fojiasining kuchli ta’siri ostida qolgan mintaqalari aholisi har kuni suv resurslari yetishmasligi, ichimlik suvi sifatining pasayishi va tuproq tarkibining buzilishi, iqlim o‘zgarishi, aholi, birinchi navbatda, bolalarning turli kasalliklarga chalinishi ko‘payib borayotgani bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy va demografik muammolarni boshdan kechirmoqda”, — dedi Islom Karimov.
Davlat rahbari bugungi kunda Orol dengizini to‘liq qayta tiklash imkoni yo‘qligi tobora ayon bo‘lib borayotganini qayd eta turib, Orol inqirozining atrof-muhit va bu yerda yashayotgan millionlab aholi hayotiga halokatli ta’sirini, xususan, puxta o‘ylangan, aniq manzilli va tegishli moliyalashtirish manbalari bilan ta’minlangan loyihalarni amalga oshirish orqali kamaytirish bugungi kunning eng muhim vazifasi ekanligini ta’kidladi.
“Bizningcha, bu borada asosiy zaxiralar mavjud bo‘lgan quyidagi yo‘nalishlarda tegishli tadbirlarni amalga oshirish zarur:
birinchidan — bugungi kunda Orolbo‘yida yuzaga kelgan omonat ekologik muvozanatni mustahkamlash, cho‘llanishga qarshi kurashish, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, ulardan tejab-tergab, oqilona foydalanish;
ikkinchidan — Orolbo‘yi aholisining genofondi va salomatligini saqlash va ta’minlash uchun sharoit yaratish, ijtimoiy infratuzilmani, tibbiyot va ta’lim muassasalari tarmog‘ini keng rivojlantirish;
uchinchidan — aholi hayot darajasi va sifatini oshirish uchun zarur ijtimoiy va iqtisodiy mexanizmlar va rag‘batlantiruvchi omillarni yaratish, asosiy infratuzilma va kommunikatsiyalarni rivojlantirish. Bu yerda yashayotgan aholida tushkunlik kayfiyatining yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yishga bizning haqqimiz yo‘q va ularga munosib hayot kechirishi, o‘z biznesini rivojlantirishi, ularni yangi ish o‘rinlari va daromad manbalari bilan ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berish zarur, desam, o‘ylaymanki, bu fikrga barchangiz qo‘shilasiz;
to‘rtinchidan – hayvonot va o‘simlik olami bioxilma-xilligini, jumladan, kichik suv havzalari yaratish orqali saqlash va qayta tiklash, mintaqaning noyob flora va faunasini asrab-avaylash darkor.
Ayni ushbu muhim masalalar O‘zbekiston tomonidan BMTning yuksak minbaridan taklif etilgan va BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatilgan ‘Orol dengizi qurishining oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yida ekotizimlar halokatining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi’da qayd etilgan”, — deb ta’kidladi Prezident.
Shuningdek, Islom Karimov mintaqa mamlakatlari Orol dengizi halokatining atrof-muhit va bu yerda yashayotgan aholi hayoti va faoliyatiga yetkazayotgan ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar oqibatlarini bartaraf etish uchun yetarlicha mablag‘ va moddiy-texnik imkoniyatlarga ega emasligini qayd etdi. “Shu bois Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa xalqaro tashkilotlar va rivojlanish bo‘yicha hamkor davlatlarning samarali amaliy yordamisiz dunyo miqyosidagi ushbu muammoni hal etib bo‘lmaydi.
Orol dengizi fojiasining keng ko‘lam kasb etgan og‘ir oqibatlari Orolbo‘yi aholisi, ushbu hududning iqtisodiyoti, ijtimoiy soha va atrof-muhitiga tahdid solayotgan ko‘plab xavf-xatarlarni samarali bartaraf etishga qaratilgan yangi, keng qamrovli yordam dasturini ishlab chiqishni talab etadi.
Orolbo‘yi mintaqasiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha bunday kompleks dasturni ishlab chiqish va amalga oshirishda, avvalo, xalqaro tashkilotlar — BMT, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki kabi moliya institutlari va nufuzli xalqaro ekologiya tashkilotlari hal qiluvchi o‘rin tutishi kerak. Bu mazkur dasturni hayotga tatbiq etishga nafaqat xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari resurslari, balki bizga do‘st va hamkor mamlakatlar imkoniyatlarini ham jalb etishga ko‘mak beradi”, — deyiladi davlat rahbari murojaatida.
Qayd etilganidek, hozirda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga a’zo bo‘lgan deyarli barcha mamlakatlar Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari kabi suvni tejash, Orolbo‘yini qayta tiklash va rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturlarni amalga oshirmoqda: “Suv resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish prinsiplari, suvni tejaydigan zamonaviy texnologiyalar keng joriy qilinmoqda, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini diversifikatsiya qilishga doir va boshqa ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Orolbo‘yida aholi hayot darajasi va sifatini yaxshilash, turar-joy, ijtimoiy va transport-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq joylarda zamonaviy uy-joylar, umumta’lim maktablari va kasb-hunar kollejlari, vrachlik punktlari barpo etish, avtomobil yo‘llari qurish va rekonstruksiya qilishga alohida e’tibor berilmoqda. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga oid dasturlar amalga oshirilmoqda”.
Islom Karimov Orolbo‘yi va uning aholisi taqdiridan tashvishga tushayotgan davlatlar, BMT tuzilmalari, xalqaro moliya va ekologiya tashkilotlarining aniq maqsadli, ko‘p qirrali va tizimli o‘zaro hamkorligi Orolbo‘yi mintaqasining eng keskin muammolarini hal etishga qaratilgan amaliy dastur va loyihalarni ishlab chiqish hamda hayotga tatbiq etish imkonini berishiga ishonch bildirdi.
Prezident Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlarini chuqur tushunib, Orolbo‘yi ekotizimini qutqarish ishiga qo‘shayotgan salmoqli hissasi uchun konferensiya ishtirokchilarining barchasiga samimiy minnatdorlik izhor etdi.
“Konferensiya ishi samarali bo‘lishini, uning barcha ishtirokchilariga esa sihat-salomatlik, olijanob faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman”, — deya Islom Karimov o‘z fikriga yakun yasadi.
Izoh (0)