Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkazilayotgan ParaOsiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari delegatsiya xazinasini oltin medallar bilan boyitishda davom etmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
Yengil atletikaning 4x100 metr masofaga yugurish (T11-13) bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan sportchilar Miran Saxadov, Doniyor Soliyev, Ulug‘bek Choriyev va Faxriddin Hamroyev to‘rtligi eng yuqori natijani (44:25 soniya) qayd etib, ParaOsiyo o‘yinlarining 21 oltin medalini delegatsiya hisobiga yozib qo‘ydi. Mazkur musobaqada Tailand jamoasi ikkinchi (44:26 soniya), indoneziyaliklar esa uchinchi (46:66 soniya) o‘rinni egalladi.
Shu tariqa, O‘zbekiston yengil atletikachilari tomonidan qo‘lga kiritilgan medallar soni 12 taga — yettita oltin, uchta kumush, ikkita bronzaga yetdi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ParaOsiyo — 2014 o‘yinlarining suzish musobaqalarida ishtirok etgan O‘zbekiston vakillari Kirill Pankov (to‘rtta) va Dmitriy Xorlin (uchta) jami yettita oltin medalga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, dzyudo ustalari jami to‘qqizta medal (yettita oltin, bitta kumush, bitta bronza)ni qo‘lga kiritdi.
Ayni damda O‘zbekiston delegatsiyasi hisobida 21 ta oltin, to‘rtta kumush, uchta bronza medali mavjud. Umumjamoa hisobida esa O‘zbekiston 41 ta davlat orasida 5-o‘rinda bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2010-yili Guanchjou (Xitoy)da bo‘lib o‘tgan ParaOsiyo o‘yinlarida o‘zbekistonlik sportchilar bitta oltin, ikkita kumush, uchta bronza medaliga sazovor bo‘lgan.
Izoh (0)