Shvetsiyaning Vekshyo (Växjö) shahrida Grand Samarkand savdo markazi bor bo‘lib, u 22 ming kvadrat metr maydonni egallagan. O‘zida 70 ga yaqin butik va do‘konlar, kafe va restoranlarni birlashtirgan bu maskan 2012-yilda Shvetsiyaning eng yaxshi savdo markazi deb topilgan. Bu haqda “Kun” xabar bermoqda.
Ayni vaqtda Shvetsiyada bo‘lib turgan o‘zbekistonlik jurnalistlardan biri shunday deb yozadi: “Vekshyoliklar aytdi – ‘Samarqand’ (Grand Samarkand)da hamma narsa bor!”.
Yevropaning eng rivojlangan mamlakatlaridan birida “Samarqand” nomli katta “bozor” borligidan xursand bo‘lamiz, MDHning deyarli har bir katta shaharida “Toshkent” degan ko‘cha borligini esa ko‘pchilik odatiy holdek qabul qiladi. Masalan, Gruziya poytaxtidagi uncha katta bo‘lmagan bir ko‘cha O‘zbekiston poytaxti sharafiga nomlangan. Unda-bunda avtotirbandliklar ham kuzatiladigan bu ko‘chada, Facebook foydalanuvchilaridan biri qayd etganidek, “o‘zbek milliy taomlari oshxonasini ochsa, ayni muddao” bo‘ladi.
Yuqoridagi surat dastlab Facebook ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingach, MyTashkent.uz saytiga joylashtirildi. Bu yerda esa hozirgi vaqtda chet ellarda yashayotgan toshkentliklar ushbu mavzuni Samara, Kaliningrad, Minsk, Orenburg, Rostov, Sankt-Peterburg, Moskva (va hatto Samarqand) shaharlaridagi Toshkent ko‘chalari fotosuratlarini joylashtirish bilan davom ettirgan.
Izoh (0)