O‘zbekiston milliy terma jamoasi to‘qqiz kun davomida Qatar va BAAda tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini va uning doirasidagi o‘rtoqlik o‘yinlarini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi. Bu haqda Uff.uz xabar bermoqda.
Terma jamoa avvaliga legionerlarsiz o‘ynab, Doxada Qatar termasiga yirik — 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. So‘ng Dubayda Bahrayn bilan durang natija qayd etildi. Vaholanki, jangovar tarkib harakat qilgan o‘sha uchrashuvda tashabbus to‘laligicha O‘zbekiston tomonida bo‘lgan edi. Lekin qulay vaziyatlardan foydalana olmaslik natijasida Mirjalol Qosimov shogirdlari durang bilan cheklandi. Shundan so‘ng, Abu-Dabi shahrida BAA terma jamoasi mag‘lub etildi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Server Jeparov aynan shu o‘yindan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, u BAAdagi yig‘in ajoyib o‘tganini aytdi: “Ma’lum tanaffusdan so‘ng terma jamoadagi do‘stlarimiz bilan yana bir joyda jam bo‘ldik. Lekin BAAdagi issiq havo to‘laqonli ishlashimiz, bor imkoniyatlarimizni namoyish etishga biroz to‘sqinlik qildi. Namlik juda yuqori. O‘zga ilojimiz ham yo‘q. Keyin bu biz uchun yangilik ham emas”.
Futbolchi Bahrayn bilan o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekiston termasi ancha yaxshi o‘yin ko‘rsatgani, shunga yarasha ko‘plab xavfli vaziyatlar yuzaga keltirilgani, biroq hujumlar golga aylantirila olmaganini qayd etdi. “Albatta, o‘sha o‘yinda bir-birimizni tushunib harakat qilishimiz biroz pand berib qo‘ydi. O‘yin amaliyoti ham bu yerda muhim rol o‘ynaydi. Ammo umumiy olganda, o‘sha kuni ko‘rsatgan o‘yinimizni ijobiy deya baholash mumkin. Bu mening shaxsiy fikrim. Kimdir unga qo‘shilmas. Har doim ham o‘ylagan rejalar amalga oshavermaydi. Kuchli jamoalar ham hamisha gol urib, g‘alaba qozonavermaydi.
Masalan, kuni kecha Yevro-2016 doirasida Gollandiya terma jamoasi Islandiyaga 0:2 hisobida imkoniyatni boy berdi. Bunday natijani hech kim kutmagandi. Nazarimda, Islandiyaning o‘zi ham. Biz-ku o‘rtoqlik uchrashuvida nursiz durang qayd etdik. Yangi Zelandiya bilan bo‘lgan o‘yinni eslang. O‘shanda qulay vaziyatlardan unumli foydalangandik. Istardimki, rasmiy bahslarda ham shunday sermahsullikni ko‘rsataylik”, — dedi Jeparov.
Jamoa sardori hozirgi tarkibga yosh futbolchilar ham qo‘shilayotganini yodga olib, ularning jamoaga o‘rganishi uchun vaqt kerakligini aytdi. Shunga qaramay, u yoshlar haqida ijobiy fikr bildirdi: “Eng muhimi, ularda ishonch bor; ular o‘zlari uchun taqdim etilayotgan imkoniyatdan maksimal darajada foydalanib qolishi lozim. Har doim ham bunday imkoniyat yuzaga kelmasligi mumkin”.
Server Jeparov murabbiylar ayni damda muammo bo‘lib qolayotgan masala — hujum borasida bor imkoniyatdan foydalanayotganini ta’kidladi: “Shunday ekan, hozir mavjud bo‘lgan hujumchilar bilan ishlash kerak. Terma jamoaga chaqirilyaptimi, demak, u shunga munosib. Lekin munosib ekanligi va murabbiylar ishonchini oqlash boshqa masala”.
Terma jamoa sardori yanvar oyida Avstraliyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogidan eng yuqori natijani kutayotganini yashirmadi: “Osiyo chempioni bo‘lish fursati yetdi. Negadir, men shunga ishonyapman. Ilojsiz narsaning o‘zi yo‘q. Hammasi niyatga va harakatga bog‘liq”.
“Bizda kuchli tarkib shakllangan. Terma jamoamizni Osiyodagi raqib jamoalar hurmat qiladi va, kerak bo‘lsa, qo‘rqadi ham”, — deb qo‘shimcha qildi futbolchi.
Sizning ikkinchi vataningizga aylangan Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan 17-Osiyo o‘yinlarida qatnashgan O‘zbekiston terma jamoasining omadsiz ishtiroki haqida nima deysiz degan savolga Server quyidagicha javob berdi: “Mening bitta Vatanim bor — O‘zbekiston! Koreyada bir necha mavsumdan beri o‘ynayapman. To‘g‘ri, siz aynan shuni nazarda tutdingiz. Koreyada futbolchilar harbiy xizmatdan ozod qilinadi.
Afsus, Osiyo o‘yinlari biz uchun juda erta yakunlandi. Tayyor g‘alabani raqibga berib qo‘ydik. Shunisi yomon bo‘ldi. Barchasi futbolchilarimizning qo‘lida edi. Shunday uchrashuvni yutqazganimiz yaxshi bo‘lmadi. Bundan 20 yil avval qo‘lga kiritilgan natijani takrorlash terma jamoamiz oldiga vazifa sifatida qo‘yilgan edi. Tarkib ham kuchli bo‘lib, g‘olib bo‘lish uchun barcha imkoniyatlar yetarli bo‘lgandi. Futbolda shunaqasi ham bo‘lib turadi”.
Suhbat davomida jamoa sardori yoshlarda ham, o‘smirlarda ham kuzatilayotgan so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yuborish holatini virus deb atadi.
Izoh (0)