Hindistonlik futbolchi Piter Biaksangzuala shifoxonada umurtqa pog‘onasi jarohatidan vafot etdi. U mazkur jarohatni darvozaga kiritilgan golni nishonlash vaqtida orttirib olgan edi, deb xabar bermoqda Times of India.
14-oktabr kuni Hindistondagi quyi ligalardan birida Biaksangzuala havoda umbaloq oshish (salto qilish)ga urinib, yerga boshi bilan tushdi. Uning hech narsadan shubhalanmagan jamoadoshlari ham golni nishonlash uchun 23 yoshli futbolchiga otildi. Biroq keyin ular futbolchi jiddiy jarohatlanganini anglab yetdi.
Yosh o‘yinchining ahvoli 19-oktabr kuni keskin yomonlashib, shifoxonada vafot etdi.
“Piter iste’dodli futbolchi edi. U milliy ligada ishtirok etishni orzu qilardi. Uning o‘limi barchamizni shok holatiga tushirdi. Biz uni tuzalib ketadiб deb o‘ylagandik”, — dedi mahalliy federatsiya vakili Lal Xmar. Xmar, shuningdek, hozirda Biaksangzuala xotirasiga atab uchrashuv o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.
Izoh (0)