“Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar vakillari bilan hamkorlikda tilla buyumlarning noqonuniy olib o‘tilishi bilan bog‘liq bir nechta qonunbuzarlik holatlariga nuqta qo‘yildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat Bojxona qo‘mitasi xabar bermoqda.
Xususan, qo‘qonlik ayolga tegishli sumka bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, unda bojxona bayonnomasida ko‘rsatilmagan va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovi paytida aytilmagan 75 gramm og‘irlikdagi tilla buyumlar yashirilgani fosh bo‘ldi.
Yuk sumkasiga tilladan yasalgan 152 gramm og‘irlikdagi zargarlik buyumlarini yashirib olgan poytaxtlik ayolga ham bojxona nazoratidan “eson-omon” o‘tib olish nasib etmadi.
Nazorat-rentgen apparati lentasidan o‘tayotgan yo‘l sumkalaridan birining ekrandagi shubhali tasviri o‘z tasdig‘ini topdi. Bojxonachilar tomonidan samarqandlik ayolga tegishli mazkur bagaj ko‘zdan kechirilganda, unga umumiy og‘irligi 198 grammni tashkil qiluvchi tilla taqinchoqlar yashirilgani aniqlandi.
Bojxona ko‘rigi davomida buxorolik ayolning qing‘ir qilmishlariga ham nuqta qo‘yildi. U tomonidan yashirincha olib o‘tishga urinilgan zargarlik buyumlari olib qo‘yilganidan so‘ng, unga tegishli sumka naqd 531 grammga yengillashdi.
Mazkur bojxona qoidabuzarliklarining barchasi Istanbul — Toshkent reysi yo‘lovchilari tomonidan sodir etilgan bo‘lib, hozirda ushbu holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, jismoniy shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga aksiz solig‘i solinmaydigan tovarlarni olib kirishning cheklangan me’yorlariga muvofiq jismoniy shaxslarga O‘zbekistonga kirayotganda aksiz solig‘ini to‘lamasdan umumiy og‘irligi 30 grammdan oshmaydigan, qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan beshta zargarlik buyumini olib kirishga ruxsat beriladi.
Belgilangan me’yordan ortiqcha olib kirilgan tilla buyumlari uchun esa o‘rnatilgan tartibda bojxona to‘lovlari undiriladi.
Izoh (0)