Meksikada jamoat faoli Atilano Roman Tirado har haftalik radio dasturi vaqtida otib tashlandi. Bu haqda Associated Press’ga tayangan holda Korrespondent.net xabar bermoqda.
Fojia Meksikaning Sinaloa shtati Masatlan shahrida ro‘y bergan.
Ikki jinoyatchi Fiesta Mexicana radiostansiyasiga kirib olib, Tirado qayerdaligini so‘rashgan. “Ma’mur ularga Tirado bo‘shaguniga qadar kutib turishni aytgan, ammo ular eshikni itarib, ichkariga kirgan”, — deb ta’kidladi radiostansiya direktori Serxio Ontiveros.
Shundan so‘ng, ularning biri tashqarida qolgan, ikkinchisi esa studiyaga kirib, jonli efir paytida faolga qarata ikki marotaba o‘q uzgan. O‘q erkakning boshi va ko‘kragiga tekkan. Tirado shifoxonalardan biriga yotqizilgan va olgan jarohatlari natijasida bir ozdan so‘ng vafot etgan.
Shtat rahbariyatining qayd etishicha, bu Meksika tarixida jonli efirda sodir etilgan ilk qotillikdir. Prokuror Marko Antonio Igeraning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilarning shaxsini aniqlash uchun kuzatuv kameralaridagi yozuvlar ko‘rib chiqiladi.
Tirado bir necha yil avval to‘g‘on qurilishi vaqtida ro‘y bergan toshqin natijasida yerlari zarar ko‘rgan taxminan 800 ga yaqin mahalliy qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan iborat guruhga boshchilik qilar edi. Radioboshlovchi dehqonlarning yo‘qotilgan yeri uchun tovon pullarini undirishda, norozilik bildirish marshlari va yo‘llarni to‘sishni tashkil etishda faol ishtirok etgan.
Izoh (0)