10—20-oktabr kunlari Turkiya Respublikasining malakali shifokorlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi hududida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridan kelgan yuz sohasidagi tug‘ma va kuyishdan keyingi asoratlar bilan og‘ringan aholining 200 nafari umumiy chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, 100 nafar aholi jarrohlik yo‘li bilan sog‘lomlashtirildi. Bu haqda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondining axborot xizmati xabar bermoqda.
Turkiya Respublikasidan kelgan delegatsiya a’zolari (18 nafar plastik jarroh, anesteziolog va boshqa mutaxassislar) o‘zlari bilan olib kelgan dori-darmon va sanitariya-gigiyena vositalari yordamida qo‘yilgan tashxislar asosida bemorlarni davoladi.
Mazkur sog‘lomlashtirish ishlari 11—18-oktabr kunlari soat 09:00 — 17:00 gacha Farg‘ona shahridagi Viloyat bolalar ko‘ptarmoqli tibbiy markaz (A.Navoiy ko‘chasi 56-uy)da olib borilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 2009-yilning 1—9-may kunlari Turkiya Respublikasining malakali shifokorlari O‘zbekistonga tashrif buyurib, jami 1110 nafardan ortiq aholini, asosan ayollar va bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazgan. Shuningdek, 366 nafar bolalar jarrohlik yo‘li bilan sog‘lomlashtirilgan edi.
Izoh (0)