Samarqand viloyati Ishtixon tumanida XVI asrga tegishli hind tangalaridan iborat xazina topildi, deya xabar bermoqda “Pravda Vostoka” gazetasi.
Topilma xususiy uy qurish vaqtida aniqlangan. Maydon egasining aytishicha, g‘isht quyish uchun chuqur qazish vaqtida ketmon qattiq narsaga urilgan. U sopol ko‘za bo‘lib chiqqan. Ketmon zarbidan u maydalanib, ichidagi metal tangalar sochilib ketgan.
Dastlabki tadqiqot natijalari topilgan 206 dona tanga misdan yasalganini, ularning barchasi Hindistonning Lahor, Ahmadobod, Faheshpur shaharlarida zarb etilganini aniqladi. Tangalar 1573—1600-yillar oralig‘ida chiqarilgan.
Ishtixon xazinasi paysa (chaqa)lardan iborat bo‘lib, qiymati 3 rupiydan oshadi. Hindistonda ichki bozor uchun chiqarilgan tangalar O‘zbekiston hududiga qanday kelib qolgani bo‘yicha aniq izoh berilganicha yo‘q.