Toshkentdagi temiryo‘l bojxona omborida 8-oktabrga o‘tar kechasi yuz bergan yong‘inni o‘chirish vaqtida o‘t o‘chirish xizmati xodimi fojeali tarzda halok bo‘ldi. Gazeta.uz’ga tayanib, “Kun”ning xabar berishicha, halok bo‘lgan Bahrom Ergashev 27 yoshda bo‘lgan; undan ikki farzand qoldi.
Halok bo‘lgan o‘t o‘chiruvchining qarindoshi Erkin G‘oipovning Gazeta.uz’ga ma’lum qilishicha, olovni o‘chirish vaqtida Ergashevning ustiga bostirma tushib ketgan va vayronalar ostida qolib ketgan. Boshqa o‘t o‘chiruvchilarda uni qutqarib qolish imkoni bo‘lmagan.
Bahrom Ergashevning dafn marosimi o‘sha kuniyoq — chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan, deya ma’lum qildi G‘oipov.
Toshkent shahrining Yashnobod (sobiq Hamza) tumanida joylashgan “Toshkent yuk tushirish hovlisi” hududida 8-oktabrga o‘tar kechasi yong‘in sodir bo‘lgani haqida avvalroq shahar hokimligi axborot xizmati xabar bergandi.
“O‘t o‘chiruvchilar guruhi tomonidan ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida yong‘in to‘liq bartaraf etildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuk omborxonasida tez yonuvchi moddalar bo‘lgan”, — deyiladi hokimlik xabarida.
Qayd etishlaricha, ushbu fakt yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Yong‘in natijasida jabrlanuvchilar bormi-yo‘qmi, hududga qanchalik zarar yetgani to‘g‘risida axborot berilmagan edi.
Izoh (0)