Argentina sudi mamlakatning so‘nggi harbiy diktatori Reynaldo Binyoneni o‘zi hokimiyatga egalik qilgan davrda (1976—1983-yillar) sodir etgan jinoyatlari uchun 23 yillik qamoq jazosiga mahkum qildi, deb xabar bermoqda “TASS”.
Sud Binyoneni kasaba uyushmalarining 32 nafar faollarini o‘g‘irlab ketishda, qiynashda va qatl etishda ayblagan. Aynan shu ish bo‘yicha ayblangan sobiq general Santyago Omar Riveros umrbod ozodlikdan mahrum etilgan.
86 yoshli Binyone harbiy diktatura davrida sodir etgan boshqa jinoyatlari uchun uch karra umrbod qamoq jazosini umumiy rejimdagi qamoqda o‘tayapti. Shuningdek, u Argentina, Boliviya, Braziliya, Paragvay va Chili harbiy rejimlari bilan hamkorlikda o‘z siyosiy raqiblarini jismonan yo‘q qilish uchun o‘tkazilgan “Kondor rejasi” doirasidagi jinoyatlar uchun ham ayblangan.
Izoh (0)