Isroil hukumati Falastin davlatchiligini rasman tan olishni mo‘ljallayotgan Shvetsiyani tanqid ostida qoldirdi. Bu haqda Isroil OAVlariga tayanib, Korrespondent.net xabar bermoqda.
5-oktabrga o‘tar kechasi Isroil OAVlarida tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil Tashqi ishlar vaziri Avigdor Liberman Falastin davlatchiligini tan olish borasida Shvetsiyaning yangi Bosh vaziri Stefan Lyoven tomonidan berilgan bayonotni “achinarli” deb atadi. Liberman, shuningdek, uchinchi tomonning hech bir bayonoti va hech bir qadami bevosita Isroil — Falastin muzokaralari o‘rnini bosa olmasligini ta’kidladi.
Dpa agentligining xabar berishicha, yuzaga kelgan mazkur vaziyat tufayli Shvetsiya elchisi 6-oktabr kuni Isroil TIVga tashrif buyurishi kerakligi haqida hujjat oldi.
Bosh vazir Stefan Lyoven o‘z nutqida “Shvetsiya Falastin davlatchiligini tan olishi”ni aytgan, biroq Stokgolm mazkur qadamni qachon amalga oshirishini ma’lum qilmagan.
Shu tariqa, Shvetsiya Falastinni davlat sifatida tan olishga tayyor ekanligini bildirgan Yevropa Ittifoqidagi birinchi davlat bo‘ldi. Avvalroq bunday qaror u vaqtda Yevroittifoq a’zosi bo‘lmagan Polsha, Vengriya va Slovakiya tomonidan qabul qilingan edi.
Izoh (0)