KXDR Koreya yarimorolini yadro qurolidan holi qilish bo‘yicha olti tomonlama muzokaralarni davom ettirishga tayyor, biroq AQSh va Janubiy Koreyaning birgalikdagi manyovrlari oldidan hushyorlikni yo‘qotishni istamaydi. Bu haqda Shimoliy Koreyaning BMT Yevropa bo‘linmasi va Jenevadagi boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Pon So Se Reuters agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilgan, deb xabar bermoqda “TASS”.
“Biz olti tomonlama muzokaralarga tayyormiz. Bilishimizcha, Rossiya va Xitoy ham tayyor. Biroq AQSh hozir bunday muzokaralarni xushlamayapti. Shu sababli ham Yaponiya va Janubiy Koreya muzokaralarga tayyor emas”, − dedi KXDR vakili. Shuningdek, u AQSh va Janubiy Koreyaning birgalikdagi manyovrlariga ehtiyot bo‘lish kerakligini, Pxenyan yadro sinovlari o‘tkazishni rejalashtirmayotganini, biroq agar manyovrlar doimiy amalga oshirilsa sinovlar o‘tkazishga majbur bo‘lishini ham aytib o‘tgan.
Rossiya, AQSh, Xitoy, Yaponiya hamda ikkala Koreya o‘rtasidagi olti tomonlama muzokaralar 2009-yilda KXDR tashabbusi bilan to‘xtatilgan. Shundan keyin Shimoliy Koreya bir necha marta muzokaralarni yangilashga tayyorligini bildirgan, biroq AQSh, Yaponiya va Janubiy Koreya muzokaralarni qayta boshlash uchun asos ko‘rmayotganini ta’kidlab keladi.
Izoh (0)