Ello ijtimoiy tarmog‘iga hozirgi paytda soatiga 31 ming kishi qo‘shilish istagini bildirib, ariza bermoqda. Bu haqda loyiha asoschisi Pol Budnis BBC’ga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab yangi ijtimoiy tarmoqdan uning taxminan 90 nafar do‘stigina foydalanishi rejalashtirilgan. Biroq avgust oyi boshida AQShning Vermont shtatida velosiped do‘koniga ega Budnis saytni hamma uchun ochishga qaror qildi. Ello’ga “anti-Feysbuk” deb laqab qo‘yishgan, sababi tarmoq foydalanuvchilarni reklamadan xalos qilishga va ularning ma’lumotlarini reklama beruvchilarga sotmaslikka va’da bermoqda.
Ello sayti o‘ta oddiy dizaynga ega bo‘lib, bir qarashda boshqa ijtimoiy tarmoqlardan ko‘ra foydalanishga uncha qulay emasdek ko‘rinadi. Hali sinov versiyasida bo‘lgan yangi tarmoq DDoS-hujumga uchrashga ham ulgurgan. Natijada sayt dam olish kunlari qisqa muddat davomida offlayn holatida bo‘lgan.
Budnis Ello’ni “antifeysbuk” deb atayotganlariga e’tibor bermasligini ta’kidlagan: “Biz Facebook’ni raqobatchi sifatida ko‘rmaymiz. Biz uchun Facebook − reklama maydoni, Ello esa − ijtimoiy tarmoq”. Shuningdek, u sayt vaqti kelib pulli xizmatlar joriy qilishini ham qo‘shimcha qilgan.
Izoh (0)