WWW.uz milliy axborot-qidiruv tizimi ishlamay qoldi. Saytga qo‘yilgan e’londa ayni paytda uni ham qurilmaviy, ham dasturiy qismlari bo‘yicha modernizatsiya qilish ishlari olib borilayotgani qayd etilgan.
“Xususan, klaster tuzilmasidagi ma’lumotlar bazasini kuchaytirish ishlari rejalashtirilgan”, — deyiladi xabarda.
Shu tufayli hozirda yangilash va ma’lumotlarni yangi tuzilmaga o‘tkazish amalga oshirilmoqda, bu ishlar 1-oktabrgacha yakunlanadi.
“Shunga qaramay, ro‘yxatdan o‘tgan saytlar hisoblagichlaridan ma’lumotlarni yig‘ish davom etmoqda va ular yo‘qolib ketmaydi. Statistikani 1-oktabr 10:00 dan boshlab ko‘rish mumkin bo‘ladi”, — deya ta’kidlanadi e’londa.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq WWW.uz milliy qidiruv tizimining tashriflar statistikasi takomillashtirilishi xabar qilingan edi. Shuningdek, WWW.uz’ning saytlar katalogiga qo‘shilgan saytlarni avtomatik kuzatib borish va ishlamayotgan saytlarni avtomatik ravishda katalogdan chiqarib yuboruvchi algoritm ham ishlab chiqilishi aytilgan edi.
Iyul oyi boshida ishga tushgan O‘zbekiston OAV saytlarining Google Analytics statistik ma’lumotlariga asoslangan muqobil reytingi — Metrika.uz esa ishlashda davom etmoqda.
Izoh (0)