Navoiy viloyati Davlat bojxona boshqarmasining kontrabandaga qarshi kurash bo‘yicha bo‘limi Ford rusumli avtomobilni to‘xtatib, uni ko‘zdan kechirdi. Tezkor tadbirlar doirasida amalga oshirilgan mazkur nazoratda 1800 litrga teng dizel yoqilg‘isi topildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining axborot xizmati xabar bermoqda.
Yuk egasi yoqilg‘ini tegishli hujjatlarsiz qo‘shni respublikaga kontrabanda yo‘li bilan olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan.
Bundan tashqari, Toshkent viloyati Davlat bojxona boshqarmasining “S. Najimov” bojxona posti xodimlari chegaradosh davlat fuqarosi boshqarayotgan “Kamaz” transport vositasini tekshirib, 800 litr dizel yoqilg‘isining noqonuniy olib chiqib ketilishi oldini oldi. Tergov jarayonida yuk egasi yoqilg‘ini sotish orqali boyib ketishni mo‘ljallagani aniqlandi.
Surxandaryo viloyati Davlat bojxona boshqarmasining “Sariosiyo” chegara bojxona majmuasi xodimlari Volvo avtomobilini ko‘zdan kechirib, transport vositasidan 400 litrga teng dizel yoqilg‘isini topdi va uni olib qo‘ydi. Dastlabki tergov natijasida yukning egasi Turkiya fuqarosi ekanligi va unda tegishli hujjatlar yo‘qligi aniqlandi.
Yuqorida keltirilgan qonunbuzarliklar bo‘yicha bojxona tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Izoh (0)