“Aloqabank” aksiyadorlik tijorat banki MTS o‘rniga ochiladigan yangi UMS (Universal Mobile Systems) mobil operatoriga 500 milliard so‘m (211,553 million dollar) kredit taqdim etdi. Bu haqda UzDaily xabar berdi.
Bank ma’lumotlariga ko‘ra, AT “Aloqabank” aksiyadorlari Universal Mobile Systems MChJga shu miqdordagi kredit berish to‘g‘risidagi hujjatni imzolagan.
Eslatib o‘tamiz, MTS kompaniyasi O‘zbekiston hukumati bilan murosa bitimi imzolagani, O‘zbekistonda yangi qo‘shma korxona — Universal Mobile Systems tashkil etishi, korxonaning 50,01 foizi MTSga, 49,99 foizi esa O‘zbekiston hukumatiga tegishli bo‘lishi haqida xabar berilgan edi.
UMS’ni ro‘yxatga olish ishlari 25-sentabrga qadar tugallanishi kutilayotgani ma’lum qilingan edi. Bundan tashqari, qo‘shma korxonaning 1-noyabrga qadar texnik, 1-dekabrgacha esa tijoriy ekspluatatsiyani amalga oshirishi rejalashtirilgan.
Yangi kompaniya haqidagi so‘nggi ma’lumotlar unga 2,5 millionta telefon raqami ajratilgani va ushbu raqamlar ro‘yxatidan iborat bo‘ldi.
Izoh (0)