Tennis bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Osiyo o‘yinlarining bronza medalini qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda Stadion.uz.
Istomin boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi nimchorak finalda Saudiya Arabistonini 3:0, chorak finalda kuchli hisoblangan Janubiy Koreyani 2:1 hisobida mag‘lub etgandi. Bugun esa O‘zbekiston yarim finalda Qozog‘istonga qarshi murosasiz bahs olib bordi.
Dastlabki kortga Farrux Do‘stov va Aleksandr Nedovesov chiqdi. Unda qozog‘istonlik tennischi ikki setda g‘alaba qozondi (6:3, 6:4).
Ikkinchi o‘yinda esa Denis Istomin Mixail Kukushkinni uch setda mag‘lubiyatga uchratdi — 4:6, 6:3, 6:4.
Juftliklar o‘rtasidagi bahs ham uch set davom etdi. Birinchi set tay-brekkacha davom etdi va unda Istomin/Do‘stov 7:4 hisobi bilan zafar quchdi. Ikkinchi setda esa 7:5 hisobida Golubev/Nedovesov juftligi g‘alaba qozondi. Uchinchi setning boshida boy berilgan geym O‘zbekiston vakillariga qimmatga tushdi — 4:6.
Shu tariqa, Qozog‘iston finalga chiqqan bo‘lsa, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobida bronza medallar soni beshtaga yetdi.
Izoh (0)