Milliy aviakompaniya Ma’muriyatida “Boing” korporatsiyasi mutaxassislari ishtirokida “Boeing-787 Dreamliner samolyotidan foydalanishni boshlash” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi axborot xizmatiga tayanib, Anons.uz xabar bermoqda.
Boeing kompaniyasining savdo-sotiq bo‘yicha mintaqaviy direktori D. L. Miller o‘z taqdimotida 2016-yil milliy aviakompaniya parkini boyitadigan “Boing-787 Drimlayner” samolyotining imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Samolyot O‘zbekistonga kelguniga qadar aviakompaniyaning uchuvchi, muhandis va boshqa mutaxassislardan iborat tarkibi mazkur havo kemasidan foydalanish bo‘yicha barcha ma’lumotlarga ega bo‘lishi kerak. Shuni inobatga olgan holda o‘tkazilgan tadbir “orzu layneri”ni o‘rganish tomon tashlangan navbatdagi qadam bo‘ldi.
Seminarda Uchish majmuasi xodimlari — uchuvchilar tarkibi va bort xodimlari, Uzbekistan Airways Technics aviamuassasasi, “Toshkent” aeroporti, Axborot texnologiyalari boshqarmasi xodimlari ishtirok etib, o‘z sohasi bo‘yicha bergan savollariga to‘liq javob oldi.
O‘zbekistondagi “Boing” kompaniyasi vakili A. Ornik “Boing-787 Drimlayner”dan foydalanishni boshlash haqida barcha kerakli ma’lumotlarni taqdim etdi.
Izoh (0)