Ukraina Oliy Radasida Donbassning alohida maqomi haqidagi qonunni 277 deputat, nizo ishtirokchilariga amnistiya berish haqidagi qonunni esa 287 deputat qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
“Svoboda” va “Batkivshchina” fraksiyalari deputatlarining bir qismi ovoz berishda qatnashishdan bosh tortdi.
Ukraina sharqidagi ayirmachilar vakillari ushbu qonunlarni o‘rganib chiqishlarini aytdi. “ Biz ushbu hujjatni o‘qib chiqib, uni e’tiborga olishimiz kerak. Biroq Oliy Rada qabul qilgan bu qonun Ukrainaga tegishlidir. Bizda o‘zimizning qonunlarimizni qabul qiluvchi Oliy Kengashimiz bor”, — dedi “Donetsk xalq respublikasi” bosh vazir birinchi o‘rinbosari Andrey Purgin.
Nashrning yozishicha, Donbassning alohida maqomi haqidagi qonun o‘ta murakkab murosa natijasidir. Yangi qonunning qanchalik samarali ekanligi Donbassdagi mahalliy saylovlardan so‘ng ma’lum bo‘ladi. Saylovlar yil oxirigacha bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Izoh (0)