Assotsiatsiya to‘g‘risidagi bitim Ukraina Oliy Radasi bilan bir vaqtda Yevroparlament tomonidan ham ratifikatsiya qilindi. Xalq deputatlari Ukraina Prezidenti Pyotr Poroshenko tomonidan taklif etilgan bir tomondan Ukraina, ikkinchi tomondan Yevropa Ittifoqi va Atom energiyasi bo‘yicha Yevropa birlashmasi hamda uning a’zo davlatlari bilan assotsiatsiya tuzish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda Korrespondent.net xabar bermoqda.
Mazkur qarorni kamida 226 ovoz lozim bo‘lgan holatda 355 deputat qo‘lladi. Assotsiatsiya to‘g‘risidagi bitim tarixda ilk bor kuzatilayotgan holatda, ya’ni bir vaqtda ham Ukraina, ham Yevropa parlamentlarida ratifikatsiya qilindi.
Pyotr Poroshenko ovoz berish jarayonidan avval Oliy Rada tribunasidan turib, “Yevropa integratsiyasi bizning milliy g‘oyamizga aylandi. Bugungi sinxron ratifikatsiya nafaqat Ukraina, balki birlashgan Yevropaning ham bayrami bo‘ladi. Negaki, birlashgan Yevropa Ukrainasiz mavjud emas. Men mazkur zalda shoshilinch tarzda qonunni ratifikatsiya qilaman va hukumatga ertaga, ilk daqiqalardanoq bitim rejasini amalga oshirish va hayotga tatbiq etish vazfiasini yuklayman”, — deb qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina va Yevroittifoq ochiq savdo zonasi tashkil etishni ko‘zda tutuvchi Assotsiatsiya to‘g‘risidagi bitimning iqtisodiy qismini 27-iyun kuni Bryusselda imzolagan.
Izoh (0)