Ostonalik maktab o‘quvchisi o‘zining sinfdoshini ruchka bilan o‘ldirdi, deb xabar bermoqda Ostona shahar Ichki ishlar departamenti axborot xizmatiga tayanib, Tengrinews.kz.
Departamentning ma’lum qilishicha, ikki o‘quvchi o‘zaro janjallashib qolgan va ulardan biri voqea sodir bo‘lgan joyda halok bo‘lgan.
“76-sonli o‘rta maktabda o‘quv jarayoni davom etayotgan paytda sinfdoshlar o‘rtasida mojaro yuzaga kelib, ulardan biri ikkinchisining ko‘krak qafasiga ruchka bilan zarb bergan. Natijada 8-sinf o‘quvchisi voqea sodir bo‘lgan joyda halok bo‘lgan”, — deya xabar berdi Ostona Ichki ishlar departamentining axborot xizmati.
Sodir bo‘lgan voqea yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Ayni damda tergov-qidiruv ishlari olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, mazkur maktab joriy yilda ochilgan yangi to‘rt maktabdan biri bo‘lib, u Ostona shahridagi tumanlardan birida joylashgan.
Izoh (0)