Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Seliger” yoshlar anjumanida mamlakatning katta mojarolarga qo‘shilmasligini ma’lum qildi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar bermoqda.
“Men shuni aytishim mumkinki, Rossiya katta ko‘lamdagi mojarolarga qo‘shilishdan ancha yiroqda. Biz buni xohlamaymiz va uni amalga oshirmoqchi ham emasmiz”, — deydi RF rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning yadro va qurolli kuchlari ancha ixcham va samarali, zamonaviy qurollanish tizimlari bilan ta’minlanganlik nuqtayi nazaridan esa zamon talablariga javob beradigan darajaga ega bo‘lib bormoqda. “Biz mazkur salohiyatni oshirishda davom etamiz”, — dedi Putin.
Rossiya prezidenti bu ishlar kimnidir qo‘rqitish uchun emas, xavfsizlik va osoyishtalikni his qilish, shuningdek, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi rejalarni bajarish uchun imkoniyat yaratish maqsadida amalga oshirilayotganini qayd etdi.
“Biz doim Rossiyaga nisbatan qilinadigan tajovuzni qaytarishga tayyor turishimiz kerak. Bizning hamkorlar o‘zlarining davlatlari qanday holatda bo‘lishi va qaysi tashqi siyosiy konsepsiya bilan ish yuritishidan qat’iy nazar, biz bilan qurolli mojarolarni amalga oshirish bo‘yicha bog‘lanmaslik lozimligini tushunib yetishlari kerak”, — dedi RF rahbari.
Izoh (0)