Suratga tushish maydonchasida jarohat olgan aktyor Xarrison Ford “Yulduzlar jangi” (Star Wars) filmining 7-qismini suratga olish ishlariga qaytdi. Bu haqda Hollywood Reporter nashri xabar bermoqda.
Xarrison Ford iyun oyi o‘rtalarida London atrofidagi Pinewood studiyasida jarohat olgan edi. 71 yoshli aktyorning ustiga “Ming yillik lochin” (Millennium Falcon) kosmik kemasining gidravlik eshigi tushgan edi. Film voqealariga ko‘ra, Ford mazkur kemaning kapitani bo‘ladi. Sodir bo‘lgan baxtsiz voqeadan so‘ng, aktyor Oksforddagi “Jon Redkliff” shifoxonasiga vertolyotda yetkazildi. Oyog‘iga jarohat yetgan aktyor operatsiya qilindi.
To‘xtab qolgan suratga olish ishlari Buyuk Britaniyaning Pinewood Studios kinostudiyasida joriy haftada tiklandi. Nashrda ma’lum qilinishicha, ijodiy tanaffus filmni kino ixlosmandlariga taqdim etish sanasiga ta’sir qilmaydi. Film premyerasi, avval belgilanganidek, 2015-yil 18-dekabrda o‘tkazilishi kutilmoqda.
“Yulduzlar jangi” serialidagi yangi film rejissori Jey Jey Abrams bo‘lib, suratga olish ishlari 2014-yil may oyida Birlashgan Arab Amirliklarining cho‘lli hududida boshlangan.
Izoh (0)