31-avgustni Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlash an’anasiga ko‘ra bugun, yakshanba tongida poytaxtdagi “Shahidlar xotirasi” xiyobonida o‘zbek xalqi ozodligi va mustaqilligi yo‘lida qurbon bo‘lgan ajdodlarni yod etish marosimi o‘tkazildi. Qur’on tilovat qilinib, qatag‘on qurbonlari ruhiga hurmat bajo keltirildi. Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
O‘zbekiston rahbari ulamolar, jamoatchilik vakillari bilan suhbatda bugungi kunda O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, O‘zbekiston xalqi oldida turgan muhim vazifalar to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
“Bugun hayot shiddat bilan juda tez o‘zgarib boryapti. Ertaga bizni qanday xursandchilik va quvonch, ayni vaqtda qanday tashvish va muammolar kutayotganini oldindan aytish, albatta, qiyin, — dedi Islom Karimov. — Lekin biz hayotdan doimo yaxshilik kutib, boshqalarga ham yaxshilik tilab yashaydigan xalqmiz. Shuning uchun ham ertangi kunimizning bugungidan ko‘ra yorug‘, tinch va farovon bo‘lishini orzu qilamiz, shu yo‘lda o‘zimizni ayamasdan, bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz”.
Prezident bugungi kunda dunyoning turli mintaqa va hududlarida avj olayotgan qarama-qarshilik, jumladan, Yaqin Sharqda, Iroq va Suriya mamlakatlarida bo‘layotgan qonli to‘qnashuvlar, musulmon dunyosidagi turli mazhab va oqimlar o‘rtasida kuchayib borayotgan o‘zaro nizo va ziddiyatlar, begunoh odamlarning qurbon bo‘layotgani haqida fikr bildirar ekan, barchani ogohlikka chorladi.
“Diniy qadriyatlarning, ezgulikning, insoniyatning dushmani bo‘lgan yot g‘oyalarning asl mohiyatini ochib berish, buzg‘unchi oqimlarni jilovlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, mana shunday tinch, musaffo osmon ostida bunyodkorlik mehnati bilan band bo‘lib, shukrona keltirib yashayotgan olijanob xalqimizning tinch hayotini har qanday balo-qazolardan asrashga o‘z hissamizni qo‘shish — bugungi kundagi eng dolzarb vazifamiz bo‘lishi kerak”, — deb ta’kidladi O‘zbekiston rahbari.
Shu kuni Prezident Islom Karimov Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, ozodlik, yorug‘ kelajak va pok niyatlar ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar va jamoatchilik nomidan ham yodgorlik poyiga gullar qo‘yildi.
Izoh (0)