Boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Jahon va Osiyo chempioni — Bektemir Meliqo‘ziyev Nankinda o‘tkazilayotgan o‘smirlar olimpiada o‘yinlarida o‘z vaznida dunyoda tengsiz ekanligini amalda yana bir bora isbotladi, deb xabar berdi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi.
Vazni 69 kilogrammgacha bo‘lgan sportchilar musobaqasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Bektemir hal qiluvchi final jangida Dominikan Respublikasi vakili Xuan Solanoga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va 3:0 hisobida zafar quchib, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga yana bir oltin medalni keltirdi.
“Safar oldidan o‘smirlar olimpiada o‘yinlarida faqat oltin medal uchun kurashishni maqsad qilgan edim. Niyatim ijobat bo‘lganligidan juda ham baxtiyorman. Ushbu g‘alabamni tobora yaqinlashib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 23 yillik bayramiga bag‘ishlayman”, — deydi bokschi.
Shu tariqa, o‘smirlar olimpiada o‘yinlarida O‘zbekiston sportchilari tomonidan qo‘lga kiritilgan medallar soni 10 taga yetdi:
Oltin — Bektemir Meliqo‘ziyev (boks)Oltin — Ilhom Bahromov (yunon-rum kurashi)Oltin — Suhrob Tursunov (dzyudo, jamoaviy)Oltin — Vladimir Svechnikov (o‘q otish, mikst)
Kumush — Umida Abdullayeva (taekvondo)Kumush — Farhodbek Sobirov (og‘ir atletika)Kumush — Sulaymon Latipov (boks)
Bronza — Suhrob Tursunov (dzyudo)Bronza — Adhamjon Ergashev (og‘ir atletika)Bronza — Timur Qodirov (sport gimnastikasi)
Bugun O‘zbekiston sportchilari badiiy gimnastika bo‘yicha jamoaviy ko‘pkurash musobaqalarida medallar uchun kurash olib boradi. Mazkur musobaqa Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da boshlanadi.
Izoh (0)