“Turkiston” saroyida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 23-yilligiga bag‘ishlab “Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim!” shiori ostida tashkil etilgan “Eng namunali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari” tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Joriy yil O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Eng namunali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari” respublika tanlovida O‘zbekistondagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlari faol qatnashdi. Bu jarayonda istiqlol yillarida mahallalar faoliyatiga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan, imkoniyat va sharoitlardan qay darajada unumli foydalanilayotgani, ularning islohotlar jarayonidagi faol ishtiroki, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatiga oid milliy qonunchilikning hayotga nechog‘li keng joriy etilayotganiga alohida e’tibor qaratildi. “Turkiston” saroyi foyyesida mahallalar faoliyatiga oid stendlar, fotoalbomlardan iborat maxsus ko‘rgazmalar tashkil etildi.
Bu yilgi tanlovda beshta asosiy o‘rin bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi:
1-o‘rin: Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi “Toshloq” mahalla fuqarolar yig‘ini (raisi G.Shamsiyeva);
2-o‘rin: Navoiy shahridagi “Kimyogar” mahalla fuqarolar yig‘ini (raisi O‘.Mirzayev);
3-o‘rin: Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi “Shofayzi” mahalla fuqarolar yig‘ini (raisi B.Shamsiddinov);
4-o‘rin: Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi “Bo‘yrapo‘sh” mahalla fuqarolar yig‘ini (raisi A.Ahmedova);
5-o‘rin: Andijon viloyati Andijon tumanidagi “Islomobod” mahalla fuqarolar yig‘ini (raisi Q.Yo‘ldosheva).
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.
Izoh (0)