Yuqori xususiyatlarga ega LG G3 smartfonining arzonroq versiyasi – LG G3 Stylus’ning JanubiyKoreyada taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Phonearena.com sayti ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
LG G3 Stylus 5,5 dyuym 540×960 pikselli displeyga ega, LG G3 smartfonida esa 1440×2560 pikselli displey o‘rnatilgan edi. Shuningdek, LG G3 displeyi QHD bo‘lib, LG G3 Stylus’da esa qHD displey o‘rnatilgan. Faqatgina “Q” va “q” orasida shuncha piksel farq bor :)
LG G3 Stylus smartfoni 1,3 GGs chastotali protsessor, 1 Gb tezkor va 8 Gb ichki xotira, 1,3 old va 13 megapikselli orqa kamera, 3000 mA·soat quvvatga ega batareya, Android 4.4.2 KitKat operatsion tizimiga ega. Albatta, ushbu xususiyatlar LG G3 smartfonining xususiyatlaridan pastroq.
LG G3 Stylus smartfoni ikki dasturni bir ekranda ishatish funksiyasi – Dual Window, smartfonda yozishni o‘rgatadigan va xatolarni 75 foizga qisqartira oladigan – Smart Keyboard, Touch and Shoot kabi funksiyalarga ega bo‘ladi.
Keyingi oydan LG G3 Stylus’ning sotuvi Braziliyada boshlanadi. Keyin esa Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika hamda MDH davlatlarida ham ushbu smartfon sotila boshlanadi. Uning qora, oq va tilla rangli turlari sotuvda bo‘lishi xabar qilingan. Biroq narxi qancha bo‘lishi haqida ma’lumotlar yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda LG G3 smartfoni 17-avgust holatiga ko‘ra 1 800 000 so‘mdan sotilmoqda.
Izoh (0)