Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi xabar berdi.
Farmonga ko‘ra, 2024-yilning 1-mayidan boshlab minimal isteʼmol xarajatlari 648 ming so‘m miqdorda belgilanganligi sababli quyidagi pensiyalarning miqdori oshirildi:
- ish staji to‘liqsiz chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 648 ming so‘m;
- boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchi bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 648 ming so‘m etib belgilandi.
Buning natijasida 751 ming nafar yoshga doir va 110 ming nafar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini oluvchi fuqarolarning pensiyalari minimal isteʼmol xarajatlari miqdoriga yetkaziladi.
Pensiyalarni oshirish uchun Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 180 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi.
Maʼlumot uchun, yuqoridagi miqdorda pensiya oluvchilarga pensiyalar 2024-yilning may oyidan yangi miqdorda to‘lanadi.
Izoh (0)