Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi shanba kuni Ukrainadagi qurol-yarog‘ zavodlaridan uskunalarni olib chiqib ketishga mamlakat sharqidagi hududlarga gumanitar yordam olib kelishi lozim bo‘lgan Rossiya yuk avtomobillari jalb etilganini aytdi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, juma kuni Luganskka yetib kelgan 220 dan ziyod gumanitar yordam avtomobillarini Ukraina Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘ridan-to‘g‘ri bostirib kirish deb atagan edi. Moskva, o‘z navbatida, Ukraina gumanitar avtokolonnaning mamlakat hududiga kirishiga 12-avgustda rozilik berganini qayd etdi.
Shanba kuni barcha gumanitar yuk avtomobillari Rossiyaga qaytdi. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi spikeri Andrey Lisenko buni quyidagicha izohladi: “Bizdagi tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, Ukarinaga gumanitar kolonna sifatida kirib kelgan yuk avtomobillarida ruslar ‘Kolchuga’ turidagi zamonaviy radiolokatsiya stansiyalarini chiqaruvchi ‘Topaz’ ishlab chiqarish birlashmasidan hamda o‘qotar qurollar uchun patron ishlab chiqaruvchi Lugansk zavodidan qurilmalar olib chiqib ketgan”.
Lisenko yuk mashinalarida Luganskka aynan qanday yuk yetkazilgani borasida ma’lumotga ega emasligini aytdi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa, o‘z navbatida, Ukrainaning janubi-sharqiy hududlari uchun mo‘ljallangan gumanitar yordam (ikki ming tonnaga yaqin oziq-ovqat, suv, bolalar uchun ovqat va tibbiyot mahsulotlari) belgilangan joyga yetkazilganini ta’kidladi.
Izoh (0)