Fransiya poytaxti Parijda Saudiya Arabistoni shahzodasi ketayotgan kortejga qurolli hujum uyushtirildi. Uni amalga oshirganlar 250 ming yevroni o‘g‘irlab, shahzodadan avtomobilni tortib olgan. Politsiya Saudiya Arabistonining aynan qaysi qirollik oilasi vakilini tunashgani haqida ma’lumot bermadi. Bu haqda BFM-TV axborot telekanaliga tayanib, “ITAR-TASS” xabar bermoqda.
Telekanalda namoyish etilishicha, voqea shaharga kirishda sodir bo‘lgan. Avtomatlar bilan qurollangan bir necha kishi Saudiya Arabistoni elchixonasiga qarashli avtomobilga hujum qilgan. Ular pul va avtomobildan tashqari, diplomatik missiya hujjatlari va shahzodaning shaxsiy buyumlarini ham o‘g‘irlagan.
Politsiyaning ma’lum qilishicha, hujum vaqtida qurol ishlatilmagan, jabrlanganlar yo‘q. Jinoyatchilar berkinishga muvaffaq bo‘lgan. Hozirda sodir bo‘lgan voqea yuzasidan tergov-qidiruv ishlari olib borilmoqda.
Fransiya poytaxtini Ruassi-Sharl de Goll va Le-Burje aeroportlari bilan bog‘lab turuvchi magistral joylashgan Parijning shimoliy hududida bunday shov-shuvga sabab bo‘lgan o‘g‘rilik birinchi bor sodir bo‘lmadi. 2010-yil fevralida o‘sha vaqtdagi Kiyev meri Leonid Chernovetskiyning qizi Kristinani tunashgan edi. Jinoyatchi tiqilinchda qolib ketgan limuzinga hujum qilib, Kristianing 4,5 million yevroga teng qimmatbaho buyumlari solingan sumkasini o‘g‘irlab, qochgan edi.
Izoh (0)