Moskva va Kiyev Ukraina chegarasini gumanitar yordam avtomobillarining kesib o‘tishi bilan bog‘liq bir-biriga zid bo‘lgan bayonotlar bilan almashishda davom etmoqda. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov avvaliga gumanitar yordamning chegarada Favqulodda vaziyatlar vazirligi avtomobillaridan Qizil xoch mashinalariga ortilishini aytgan edi. Keyinroq u Kiyevning Rossiya yuk avtomobillariga Ukraina davlat raqamlarini o‘rnatish bilan cheklanishga rozi bo‘lganini ma’lum qildi.
“Biz operatsiyaning barcha sohalari bo‘yicha Ukraina bildirgan talablarni inobatga oldik. Xususan, Kiyev taklif qilgan yo‘l biz uchun uzoq bo‘lsa ham, unga rozi bo‘ldik”, — deydi Lavrov.
Ukrainalik mansabdor shaxslar, o‘z navbatida, mamlakat hududiga gumanitar yordam avtomobillarini kiritishga tayyor ekanini goh ta’kidlamoqda, goh rad etmoqda. Ular avtomobillarda aynan nima yetkazib berilayotganini bilmagani uchun havotirda.
Moskvada Ukraina armiyasining harbiy harakatlari tufayli Lugansk viloyati aholisi zo‘rg‘a kun kechirayotganini aytishmoqda. Gumanitar yuk avtomobillari ularga o‘nlab elektr stansiyalari, oziq-ovqat, tibbiy jihoz va dori-darmon, shuningdek, minglab uxlash qoplarini yetkazib berishi kerak.
Izoh (0)