Hozirgi vaqtda O‘zbekiston hududida Fransiya universitetlari, muzeylari bilan hamkorlikda beshta xalqaro — O‘zbekiston — Fransiya guruhlari arxeologik tadqiqotlar olib bormoqda. Bu haqda “Xalq so‘zi”ga asoslanib, “Kun” xabar berdi.
O‘zbekiston Arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi To‘xtash Annayevning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek-fransuz Baqtriya arxeologik ekspeditsiyasi yigirma yildan beri Surxondaryoda keng ko‘lamdagi qazishma ishlarini olib boryapti.
Xalqaro guruhning asosiy tadqiqot inshooti eski Termiz yodgorligi bo‘lsa-da, ekspeditsiya a’zolari Xolchayon yodgorliklarining tarkibiy qismi bo‘lgan Qorabog‘tepa, quyi Surxon vohasi markazi Hayitobod, Boysuntog‘ janubiy yonbag‘rida joylashgan Poyonqo‘rg‘on (Tumanqo‘rg‘on) kabi yodgorliklarda ham arxeologik izlanishlar olib bordi.
Shuningdek, eski Termizning qal’a qismi va undagi mudofaa istehkomlarida, Katta va Kichik Chingiztepada, ichki shahar (shahriston)da, Al-Hakim at-Termiziy maqbarasining shimoliy va sharqiy tomonlarida joylashgan g‘orsimon inshootlarda ham tadqiqotlar amalga oshirilyapti.
“Qazishma ishlari jarayonida topilgan san’at namunalari, tangalar, qadimgi davr xat namunalari, hunarmandchilik buyumlari Termiz shahrining turli tarixiy davrlardagi kechmishi va taraqqiyot bosqichlarini oydinlashtirish bilan bir qatorda, shaharning 2500 yillik yoshini asoslashda ham muhim manba bo‘lib xizmat qildi”, — deydi Annayev.
O‘zbek-fransuz Baqtriya arxeologik ekspeditsiyasi a’zolarining sa’y-harakatlari bilan qator kitoblar, risola va ilmiy maqolalar chop etildi. Xususan, Per Leritsning sa’y-harakati bilan o‘zbekistonlik, fransiyalik va boshqa davlatlar arxeologlari, tarixchi-tilshunos, san’atshunos olimlar ishtirokida, asosan, Surxon vohasi arxeologiyasi hamda u yerdagi yodgorliklarga bag‘ishlangan maqolalar fransuz tilida chiqadigan “Arxeologiya xabarlari”ning ikki sonida chop etildi.
O‘tgan davr mobaynida o‘zbek-fransuz Baqtriya guruhi faoliyati samarali kechdi. Fransuz tilida “Qadimgi Termiz” kitobi, AQSh, Buyuk Britaniyaning nufuzli nashrlarida qadimgi Termiz haqidagi maqolalarning chop etilishi xalqaro jamoatchilikning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishini oshirdi.
Izoh (0)