Reddit — onlayn muhokamalar saytiga bir oy avval TweekTheGeek nomli a’zo Samsung Galaxy S4 smartfoni yonib ketgani, Samsung unga qurilmani yangilab berishni va’da qilgani, biroq shundan so‘ng uning kompaniyaga qilgan murojaatlari bee’tibor qolayotgani haqida yozgan. Bu haqda NDTV.com sayti ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
Yonib ketgan Galaxy S4 smartfonining imgur.com saytiga yuklangan suratlaridan ko‘rish mumkinki, smartfonning faqatgina zaryadlash qismi erigan va yongan, shuningdek yonish zaryadlagichga ham ta’sir qilgan. TweekTheGeek nikli jabrdiydaning ta’kidlashicha, u smartfonning o‘zi bilan sotib olingan batareya va zaryadlagichdan foydalangan.
Keyinchalik bu xabarga HTC kompaniyasi menejeri, Reddit saytidagi Jetleigh nomli a’zo e’tibor bergan va jabrdiydaga yangi HTC One M8 smartfonini taklif qilgan.
Taklifning shartiga ko‘ra, agar Samsung yongan smartfon o‘rniga yangisini jo‘natsa, yigit uni qabul qilmasligi, sotib yuborishi yoki biror joyga taqdim etishi kerak bo‘ladi. Yigit esa bunga rozi bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, yaqindagina 13 yoshli qizning yostig‘i ostidagi Samsung Galaxy S4 smartfoni yonib ketgan edi. Samsung kompaniyasi esa yongan smartfon va xona buyumlarini yangisiga almashtirib berishni va’da qilgan.
Izoh (0)