21-iyul kuni App Store do‘konida iPhone va iPad uchun Telegram HD messenjerining yangi dasturi paydo bo‘ldi. Xuddi shu vaqtda kliyentning rasmiy saytidan Telegram iOS-dasturi linki olib tashlandi. Bu haqda “Sukerberg pozvonit” nashri xabar berdi.
Pavel Durovning messenjeri rasmiy saytidagi barcha linklar endi Telegram HD dasturiga olib boradi. Dasturni App Store’ga 21-iyul kuni Telegram Messenger LLP kompaniyasi yuklab qo‘ygan. Ta’riflanishicha, dastur iPad uchun moslashtirilgan, unda foto va video yuklanishi yaxshilangan, gif formati paydo bo‘lgan hamda salomlashuv ekrani yangilangan.
Android uchun dastur linki esa o‘zgarmagan, biroq 5-aprel kuni Google Play’da yuridik shaxs Telegram LLC’dan Telegram Messenger LLP’ga almashtirilgan.
Nashrning ta’kidlashicha, dastur yuridik shaxsining o‘zgartirilishiga “VKontakte” asoschisi Pavel Durov va UCP fondi o‘rtasidagi aksiyadorlik nizosi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Aprel oyida “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i aksiyalarining 48 foiziga egalik qiluvchi UCP jamg‘armasi Virginiya orollaridagi sudga da’vo arizasi topshirdi. U ijtimoiy tarmoq bosh direktori Pavel Durov va “VKontakte” aksiyalarining 52 foizi sohibi – Mail.ru Group ustidan da’vo qilgan.
Jamg‘armaning fikricha, Durov o‘z xizmat vakolatlaridan foydalangan holda Telegram’ni yaratgan, ammo uni “VKontakte” doirasida ishga tushirish o‘rniga, o‘zi egalik qilgan. UCP shu asosda Telegram’da ijtimoiy tarmoqning huquqi mavjudligi tan olinishini talab qilmoqda.
Izoh (0)