25-iyulda Toshkentdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida o‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov va yon qanot hakami Abduhamidullo Rasulovni taqdirlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Kun” xabar beradi.
Std.uz nashri bosh muharriri Olimxo‘ja Bo‘ronovning o‘z tvitterida ma’lum qilishicha, rag‘batlantiruvchi sovg‘a sifatida Ravshan Ermatovga Malibu, Abduhamidullo Rasulovga esa Orlando avtomobili topshiriladi.
O‘FF matbuot kotibi Sanjar Rizayevning so‘zlariga ko‘ra, taqdirlash marosimidan so‘ng FIFA hakamlari uyga yangi avtomobillarda ketishi mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, FIFA referisi Ravshan Ermatov o‘z brigadasi bilan Braziliyada bo‘lib o‘tgan JCh — 2014’ning to‘rtta o‘yinida hakamlik qildi. 2010-yili JARda bo‘lib o‘tgan mundialda Ermatov beshta o‘yinda hakamlik qilgandi.
Ikki mundial yakuniga ko‘ra, uning hakamlik qilgan o‘yinlari soni to‘qqiztaga yetib, ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha u jahon futboli rekordini o‘rnatdi.
Ma’lumot uchun, JCh — 2010’da Ermatovga qanotlarda o‘zbekistonlik Rafael Ilyosov va qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorov, JCh — 2014’da esa o‘zbekistonlik Abduhamidullo Rasulov va qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorov yordam bergan.
Izoh (0)