2014-yil 22-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdi. Qaror matni O‘zAda e’lon qilindi.

DSC_0771

Foto: fikr.uz

Prezident qarori stomatologiya sohasidagi yuqori malakali tibbiyot kadrlarini xalqaro talablar va standartlar darajasida tayyorlashni yanada takomillashtirish, ta’lim jarayonini tashkil qilishning zamonaviy talablariga mos keladigan o‘quv va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, ilg‘or axborot-kommunikatsiya va ta’lim texnologiyalarini joriy etish, bo‘lg‘usi stomatolog mutaxassislarning nazariy tayyorgarligini ular o‘rganayotgan amaliy ko‘nikmalar bilan chambarchas bog‘lagan holda olib borilishini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Stomatologiya instituti Toshkent tibbiyot akademiyasining stomatologiya fakulteti negizida tashkil etiladi.

Shuningdek, Andijon, Buxoro va Samarqand tibbiyot institutlarining stomatologiya fakultetlari, Toshkent pediatriya instituti Nukus filialining stomatologiya fakulteti negizida Toshkent davlat stomatologiya institutining respublika mintaqalaridagi filiallari tashkil etiladi.

Bundan tashqari, Toshkent davlat stomatologiya instituti huzurida Stomatologiya va yuz-jag‘ jarrohligi ilmiy-amaliy markazi ham tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

Toshkent davlat stomatologiya institutining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 35 kishidan iborat bo‘ladi.

Institut o‘z faoliyatini 2014/2015-o‘quv yilidan boshlaydi.

Prezident qarorida ta’kidlanishicha, 2014-yilda Toshkent tibbiyot akademiyasiga hamda stomatologiya yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha respublikaning boshqa oliy tibbiyot ta’lim muassasalariga hujjatlarini topshirgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2014/2015-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga qabul to‘g‘risida” 2014-yil 26-iyundagi PQ-2193-sonli qarori bilan tasdiqlangan qabul kvotalariga muvofiq Toshkent davlat stomatologiya instituti hamda uning filiallarining tegishli yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga qabul qilinadilar.

Xushnudbek Xudayberdiyev o‘z blogida aniqlik kiritishicha, Toshkent davlat stomatologiya institutiga joriy yilda stomatologiya yo‘nalishlariga nechta kvota ajratilgan bo‘lsa, barchasi olib beriladi.

Ma’lumot uchun 2014/2015-o‘quv yilida Toshkent tibbiyot akademiyasi stamotologiya fakulteti uchun 200 ta o‘rin (60 byudjet, 140 kontrakt), Toshkent pediatriya instituti Nukus filialining stomatologiya fakulteti uchun 35 ta o‘rin (10 byudjet, 25 kontrakt), Andijon tibbiyot instituti stomatologiya fakulteti uchun 25 ta o‘rin (10 byudjet, 15 kontrakt), Buxoro tibbiyot instituti stomatologiya fakulteti uchun 75 ta o‘rin (25 byudjet, 50 kontrakt), Samarqand tibbiyot instituti stomatologiya fakulteti uchun 40 ta o‘rin (10 byudjet, 30 kontrakt) ajratilgan edi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Toshkent davlat stomatologiya institutiga joriy yilda jami 375 nafar talaba qabul qilinadi. Shundan 115 nafari byudjet, 260 nafari kontrakt asosida.

DTM saytidagi ma’lumotga ko‘ra, joriy yilda respublika bo‘yicha stomatologiya yo‘nalishlariga jami 4 ming nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, ularning 1786 nafari Toshkent tibbiyot akademiyasi, 327 nafari  Toshkent pediatriya instituti Nukus filiali, 736 kishi Andijon tibbiyot instituti, 680 kishi Buxoro tibbiyot instituti, va 471 nafari Samarqand tibbiyot instituti stomatologiya yo‘nalishiga hujjat topshirgan.

Toshkent davlat stomatologiya instituti vaqtincha Toshkent tibbiyot akademiyasining Toshkent shahri, Taraqqiyot ko‘chasi, 103-uyda joylashgan 3-sonli klinikasi hududida joylashadi. 2015-yildan institutning yangi binolari majmui, jumladan, yotoqxona, uning filiallari qurilishini boshlash uchun moliyalash manbalari, jumladan, grantlar, imtiyozli xorijiy kreditlar va boshqa byudjetdan tashqari mablag‘larni belgilagan holda joriy yilning oxirigacha zarur loyiha hujjatlari ishlab chiqiladi.

Toshkent davlat stomatologiya institutini tashkil etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalarni hal qilish uchun Bosh Vazir o‘rinbosari Rustam Azimov boshchiligida maxsus komissiya tuzildi.

Toshkent davlat stomatologiya instituti va uning filiallarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan ro‘yxat bo‘yicha olib kiriladigan stomatologik asbob-uskunalar, o‘quv-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, boshqa maxsus asbob-uskuna va inventarlar uchun 2020-yilning 1-yanvarigacha boj to‘lovlari (bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish uchun yig‘iladigan yig‘imlar bundan mustasno) to‘lashdan ozod qilindi.