Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinsh O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi davomida Toshkentda ko‘rsatilgan izzat-ikrom uchun o‘zi va delegatsiyasi nomidan minnatdorchilik maktubini yo‘lladi. Maktub 22-iyul kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligining rasmiy saytida e’lon qilindi.
Andris Berzinsh ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish to‘g‘risidagi muzokaralarning davom ettirilganidan mamnun bo‘lganini ta’kidlab, mazkur tashrif va Islom Karimovning o‘tgan yil oktabr oyida Latviyaga rasmiy tashrifi turli sohalardagi Latviya — O‘zbekiston hamkorligini mustahkamlash va chuqurlashtirishda muhim omil bo‘lganiga ishonch bildirdi.
“Mamlakatlarimiz tadbirkorlarining o‘zaro iqtisodiy aloqalarimizni mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etadigan sa’y-harakatlaridan hamda ta’lim sohasidagi hamkorlik samaralari rivojlanib borayotganidan g‘oyat mamnun bo‘lganimni alohida ta’kidlamoqchiman”, — deyiladi maktubda.
Tashakkurnoma orqali Latviya rahbari Markaziy Osiyo mamlakatlarining jahon iqtisodiyotiga, shuningdek, umumiy xavfsizlik va barqarorlik kafolatlari mustahkamlanishiga ta’siri tobora ortib borayotganligi bois muzokaralarda mintaqa istiqboliga alohida e’tibor qaratilganidan xursand bo‘lganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Andris Berzinsh transport va tranzit sohasidagi hamkorlik ham izchil rivojlanib borishiga va uning manfaatli hamda mintaqalararo salmoqli loyihalarda o‘z ifodasini topishiga ishonch bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Latviya Respublikasi Prezidenti Andris Berzinsh O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga binoan 27-may kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan edi.
Izoh (0)