Toshkentdagi “Lokomotiv” istirohat bog‘i hudud doirasida chekishni taqiqlagan birinchi bog‘ bo‘ldi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.
20-iyul kuni “Lokomotiv”ning Facebook’dagi sahifasiga bog‘ hududida chekish maxsus hududlardagina ruxsat etilishi haqidagi xabar joylandi.
Istirohat bog‘i axborot xizmatining ma’lum qilishicha, “Lokomotiv” hududida chekishni taqiqlovchi 75 ta belgi o‘rnatildi. Har bir darvoza oldiga spirtli ichimliklar va chekishning mumkin emasligi haqida axborot ustunlari qo‘yildi. Chekuvchilar ham tashrif buyurishini inobatga olib, ular uchun odam kam bo‘ladigan hududdan har birining oldida belgi, axlat tashlanadigan quti, kuldon va skameyka bo‘lgan beshta maxsus joy ajratildi.
Istirohat bog‘i xodimlari bilan suhbat o‘tkazilib, chekishni taqiqlash haqida ko‘rsatma berildi.
Hozircha chekuvchi qoidabuzarlarga faqat ogohlantirish berilib, maxsus joyga o‘tishlari so‘raladi. “Biroq biz jarima kiritish borasidagi masalani ko‘rib chiqyapmiz”, — dedi bog‘ xodimi.
“Lokomotiv” axborot xizmati ma’muriyatning hozircha har bir qoidabuzarni kuzata olmasiligini aytib, tashrif buyuruvchilarni atrof-muhitga nisbatan mas’uliyat bilan yondashishga chaqirdi.
Izoh (0)