Ukraina harbiy holat e’lon qilmay, aksilterror operatsiyasini amalga oshirishda tinchlikparvar kuchlar bilan hamkorlik qilish taktikasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda Segodnya.ua xabar berdi.
Bugun, 18-iyul kuni, BMT Xavfsizlik kengashining Buyuk Britaniya doimiy vakili Mark Layall Grant tomonidan chaqirilgan favqulodda yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilishda Sharqiy Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarning kiritilishi asosiy mavzu sifatida muhokama etiladi.
17-iyul kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Yuriy Sergeyev Sharqiy Ukrainada terrorizmning kuchayishida Moskvaning qo‘li borligiga oid dalillarni hamkasblariga taqdim etdi.
Bundan tashqari, kecha Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining favqulodda yig‘ilishida mamlakat prezidenti Pyotr Poroshenko Bosh shtabga aksilterror operatsiyasiga xorijiy harbiylarni ham jalb qilish imkoniyatini beruvchi taktika ishlab chiqish vazifasini yukladi. Shuningdek, Poroshenko harbiy holat e’lon qilinmasligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Malayziyaga tegishli samolyot halokatidan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin telefon suhbati vaqtida AQSh prezidenti Barak Obamaga ro‘y bergan hodisa haqida ma’lum qilgan. Bu suhbatdan yarim soat o‘tib, Amerikaning axborot agentliklaridan birida Vashington rasmiy vakili ma’lumotiga tayangan holda “Boing-777”ni urib tushirgan raketa Rossiya hududidan uchirilgani haqida ma’lumot joylangan. Birozdan so‘ng esa bu xabar o‘chirib tashlangan.
AQSh Davlat departamenti vakili Jen Psaki hozircha sodir bo‘lgan voqeada kimnidir ayblashga erta ekanligini ta’kidladi. Yevroittifoq vakillari mazkur aviahalokat Sharqiy Ukrainadagi muammolarni yakunlashiga sabab bo‘lishi kerakligini aytdi.
Izoh (0)