Rossiya prezidenti Vladimir Putin Malayziya “Boing”ining qulashi uchun javobgarlikni Ukraina yelkasiga qo‘ydi va fojea tafsilotlarini chuqur o‘rganib chiqish uchun barcha choralarni ishga solishni talab qildi, deya xabar bermoqda “Kun” “Interfaks” axborot agentligiga asoslanib.
“So‘zsiz, bu dahshatli fojea uchun, ushbu voqea qaysi mamlakat ustida sodir bo‘lgan bo‘lsa, shu mamlakat javobgar bo‘ladi”, — dedi Rossiya prezidenti.
“Agar ushbu joyda tinchlik bo‘lganida, Ukraina janubi-sharqida jangovar harakatlar qayta boshlanmaganida edi, ushbu fojea sodir bo‘lmasdi”, — dedi Vladimir Putin.
Putin aviahalokat tafsilotlarini aniqlash bo‘yicha Rossiya hukumatiga ko‘rsatma berarkan, “sodir bo‘lgan voqeaning haqqoniy tasviri ham Rossiya, ham Ukraina va umuman butun jahon jamoatchiligi mulkiga aylanishi kerak”ligini qayd etib o‘tdi.
O‘z navbatida, Rossiya prezidenti mamlakat rahbariyati va hukumati nomidan aviahalokat natijasida halok bo‘lganlarning oila a’zolari, shuningdek, fuqarolari halok bo‘lgan mamlakatlarning hukumatlariga o‘z hamdardligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Donetsk viloyatida Malaysia Airlines samolyoti qulagani haqidagi axborot Toshkent vaqti bilan 20:00 atrofida paydo bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, halokat natijasida samolyot bortida bo‘lgan barcha odam halok bo‘lgan.
Aviahalokatdan so‘ng Rossiya prezidenti Vladimir Putin telefon suhbati vaqtida AQSh prezidenti Barak Obamaga ro‘y bergan hodisa haqida ma’lum qilgan.
Izoh (0)